Matnga o'tish
Bosh sahifa
Bosh sahifaEFI to'g'risidaLoyihalarKitobni o'qingKutubxonaHamkorlar

Iqtisodchilarning «iste'mol» ma'nosi

Donald J. Boudreaux
03/03/24

Tabiiy til ajoyib muloqot vositasidir. Tildan foydalanib, biz insonlar fikrlarni bir miyadan boshqasiga o'tkazish uchun havo, qog'oz va piksellarni manipulyatsiya qilamiz. Til har birimizga boshqa odamlarning nuqtai nazarini tushunishga imkon beradi. «Men kartoshka chipslarini sevaman» degan jumlani o'qiganingizda men qovurilgan va tuzlangan juda ingichka kartoshka bo'laklarini iste'mol qilishni juda yaxshi ko'rishimni bilasiz. Ammo bu jumlani yozganimda gazak taom menda, aytaylik, o'g'limga bo'lgan hissiy tuyg'uga o'x'shash tuyg'u ­– uni ham juda sevaman – uyg'otadi degan ma'lumotni beryapman degan fikr hayolingizga ham kelmaydi.

Ammo, inson yaratgan har bir narsa kabi, til ham nomukammaldir. Hatto eng mohir so'z ustasi ham boshqa odamlarni to'liq anglay olmaydi. «Men kartoshka chipslarini sevaman» degan gipotetik jumla ushbu nomukammallikning bir sababini ko'rsatib beradi: ko'pincha bir so'z ikki yoki undan ko'proq o'xshash, ammo butunlay boshqacha bo'lmagan ma'noga ega. Mendagi kartoshka chipslariga bo'lgan «sevgi» bilan o'g'limga bo'lgan «sevgi» o'rtasida biroz o'xshashlik bor. Hayotimda ham chips, hamda o'g'lim borligidan xursandman; kartoshka chiplsari ham, o'g'lim ham menga quvonch bag'ishlaydi, shu quvonch uchun bir-nimalardan voz kechishga tayyorman. Shunga qaramay, «Men kartoshka chipslarini sevaman» deganimni eshitgan biror bir kishi mening kartoshka chipslariga bo'lgan his-tuyg'ularimni o'g'limga bo'lgan his-tuyg'ularim bilan solishtirish mumkin, deb o'ylamaydi.

Afsuski, ko'pincha turli, ammo butunlay o'zgacha ma'noga ega bo'lmagan so'zlarni ishlatish haqiqiy tushunmovchilikka olib keladi. Bunday tushunmovchiliklar iqtisodchilar keng jamoatchilik bilan suhbatlashganda tez-tez yuzaga keladi.

Iqtisodchilarning kamdan-kam jumlalari Adam Smitning «Millatlar boyligi» asaridagi «Iste'mol butun ishlab chiqarishning yagona ma'nosi va maqsadidir; ishlab chiqaruvchining manfaati iste'molchining manfaatini qo'llab-quvvatlash uchun kerak bo'lgan darajada hisobga olinishi kerak. Bu tamoyil o'z-o'zidan ravshanki, buni isbotlashga urinish bema'nilik bo'lardi», degan mashhur iborasidek tushunmovchilikka olib keladi.

Iqtisodchi uchun Smitning iste'mol butun ishlab chiqarishning yagona ma'nosi va maqsadi degan ta'kidlari haqiqatan ham o'z-o'zidan ravshan. Bu so'zlarning haqiqatini inkor etish bema'nilik bo'ladi. Biroq, ko'pchilik - deyarli barchasi iqtisodchi bo'lmaganlar - buni rad etadilar. Iqtisodchilar va iqtisodchi bo'lmaganlar o'rtasidagi ixtilofning sababi shundaki, «iste'mol» so'zi iqtisodchi bo'lmaganlar ongida bir oz farq qiladigan ma'noni anglatadi.

Iqtisodchi uchun «iste'mol» iqtisodiy faoliyatning yakuniy maqsadini ifodalaydi. Sizning iste'mol istaklaringiz – bu siz hayotdan qoniqishingizga bevosita hissa qo'shadi deb o'yladigan narsalar. «Iste'mol tovarlari», o'z navbatida, ulardan foydalanish orqali sizning iste'molchi istaklaringizni to'g'ridan-to'g'ri qondirishga imkon beradi, deb siz ishonadigan tovarlar (va xizmatlardir).

Hayotdan qoniqishni oshirishning aniq omillaridan biriga muntazam ravishda dam olish va uxlash uchun qulay joy kiradi. Shu sabali, siz uy sotib olasiz yoki ijaraga olasiz va uni o'zingiz to'g'ridan-tog'ri foydalanadigan maishiy texnika va mebellar bilan jihozlaysiz. Sizning uyingiz, jihozlaringiz va mebellaringiz sizning iste'mol tovarlaringiz hisoblanadi. Garchi, masalan, har kecha to'shagingiz ertangi kunga yanada samaraliroq ishchi bo'lishga yordam bersa-da, siz to'shagingizga vosita sifatida qaramaysiz. Siz to'shakni ish ko'rsatkichingizni yaxshilash uchun sotib olmagansiz. Sizning ishdagi ajoyib ko'rsatkichingiz boshqa iste'mol tovarlari qatorida qulay to'shakka ega bo'lish vositasi, desak haqiqatga yaqinroqd bo'ladi.

Didi va afzalliklari aynan bir xil bo'lgan ikki kishi yo'q. Siz keng, katta o'lchamli to'shakni kichikrog'idan afzal ko'rishingiz, lekin men esa kichikroq o'lchamlisini afzal ko'rishim mumkin. Ammo har bir insonning iste'molchi istaklari bor. Har bir insonni esa aynan mana shu istaklari uni iqtisodiy faoliyatga, ya'ni mehnat qilish va ayriboshlash bilan shug'ullanishga undaydi. Mehnat qilish va ayriboshlash ishdan yaratilgan yoki savdoda ayriboshlangan narsalardan keladigan qoniqishdan mustasno alohida qoniqishni keltirib chiqarishi mumkin va ko'pincha shunday ham bo'ladi. Biroq, ish va ayirboshlash aksariyat hollarda iste'mol tovarlari va xizmatlariga erishish vositasidir.

Men o'z ishini yaxshi ko'radigan koplab odamlarni bilaman. Bular jumlasida man ham bor. Lekin tekinga ishlaydigan darajada o'z ishiga shunchalik mehr qo'ygan biror bir kishini uchratmaganman. Hatto odamlar sevadigan ish ham maqsad emas, vositadir.

Xuddi shu kabi, mening bobom, otam, bugungi kunda o'g'lim ham yog'ochga ishlov berishni hobbi sifatida yoqtiradilar. Ammo men ularning hech birining duradgorlik ishlarining yakuniy natijalariga befarq bo'lganlarini ko'rmaganman. Ularning har biri yasagan narsalar – oshxona uchun taxtalar, kitob javonlari, uyda qo'shimcha qurishilshlar – uchun mehnat qilgan va yakunlanganda o'sha narsalar ularga insoniy mamnunyat keltirgan. Ularning hech biri faqatgina arralash, bolg'alash, silliqlash, burg'ulash yoki yopishtirish uchun hech qachon arra qilmagan, bolg'alamangan, silliqlamagan, burg'ulamagan yoki yopishtirimagan. Yog'ochga ishlov berish natijalari kutilganidek chiqmagan kamdan-kam hollarda (aytaylik, kitob javoni notekis yoki oshxonadagi kesish taxtasi estetik jihatdan chiroyli emas) ularning hafsalasi pir bo'lgan. Ular nuqsonli mahsulot yaratish uchun sarflangan vaqt va kuchni behuda sarflangan deb hisoblaganlar.

Yuqoridan kelib chiqqan holda, iqtisodchi shu vaziyatga asoslanib, ishlab chiqarish deganda resurslarni mahsulotga aylantirish uchungina inson mehnatidan foydalanishni bildirmaydi, degan xulosani chiqaradi. Ishlab chiqarish - bu qiymat yaratish bo'lib, «qiymat» esa iste'molchilar farovonligini oshirishni anglatadi. Iqtisodchi uchun ishlab chiqarish va iste'mol bir iqtisodiy tanganing ikki tomonidir; biri ikkinchisidan ajralmas. Iste'mol qilish uchun birinchi ishlab chiqarish kerakligi yaqqol.  Bunisi esa uncha yaqqol emas, lekin, shu bilan birga, iste'mol ehtiyojlarini qondirish uchun mo'ljallanmagan hech narsa ishlab chiqarilmaydi.

Iqtisodchi bo'lmagan kishi ko'pincha ishlab chiqarish iste'moldan ajralmas tushuncha ekanligini tushunmaydi. Iqtisodchi bo'lmagan kishi ko'pincha ishlab chiqarish va iste'molni muqobil, raqobatdosh tushunchalar deb hisoblaydi. Men iqtisodchilarni, ayniqsa, erkin bozorni qo'llab-quvvatlovchi iqtisodchilarni odamlarga nisbatan yuzaki yoki haddan tashqari materialistik qarashda ayblanganini necha marta eshitganmanimni yoki o'qiganimni sanab bo'lmaydi. «Hayot shunchaki iste'moldan iborat emas!» deb aytishadi. «Odamlar uchun oilaning, jamiyatning va ishning ham ma'nosi bor!»

Iqtisodchi bo'lmaganlarning ko'pi uchun «iste'mol» so'zi faqat jismoniy istaklarni qondirishni anglatadi. Shunda so'z deyarli salbiy ma'noga ega; u o'zidan va yaqinlaridan boshqalarni hisobga olmasdan yoki asosiy hissiy qoniqishdan tashqari qadriyatlarga unchalik ahamiyat bermasdan  xudbilnlik va tor firklash bilan o'z istaklarini qondiradigan insonni tasvirlaydi.

«Iste'mol»ning ushbu tushunchasi hayot shunchaki iste'mol qilishdan ham ko'proq ma'noni bildiradi. Ammo, yana bir bor aytish kerakki, «iste'mol»ning ushbu tushunchasi iqtisodchilarning tushunchasiga mutlaqo mos kelmaydi. Iqtisodchilarning tushunchasiga ko'ra, iste'mol nafaqat ovqatlanish, Super Bowlni tomosha qilish va taqinchoqlar taqishni o'z ichiga oladi. Iste'mol, shuningdek, xavfsiz va farovon jamiyatda yashashdan, ishdan zavqlanishdan, qo'shnilar, cherkov a'zolari va hamkasblarga bo'lgan yaxshi munosabatda bo'lishdan qoniqishni o'z ichiga oladi. Bu sayohat qilish, o'qish va ommaviy ma'ruzalarda qatnashishdan olingan huzur va bilimlarni o'z ichiga oladi.

Iste'mol, iqtisodchilarning tushunchasi bo'yicha hayotimizga bevosita ko'proq zavq qo'shishiga biz ishonadigan faoliatlarning keng to'plamidir. Ishlab chiqarish iste'molni ta'minlashning zaruriy vositasi ekanligini inkor etib bo'lmaydi. Biroq, aynan ishlab chiqarish ­­vosita va iste'mol maqsad bo'lgani sababli, iste'molning «ijtimoiy qiymati» va ishlab chiqarishning «ijtimoiy qiymati» o'rtasida hech qanday ziddiyat yo'q. Ko'proq iste'mol ko'proq ishlab chiqarishni talab qiladi va ko'proq ishlab chiqarish ko'proq iste'molga olib keladi.

Shu sababli, hech kim ishlab chiqarish faoliyatini yuqori baholab, iste'mol faoliyatini pastroq baholashni tanlamaydi; ko'proq ishlab chiqarish ko'proq iste'molni ta'minlash demakdir. Biz «juda samarali» bo'lgani uchun hayratga tushadigan odamlardan ular aynan o'zlarining yoki boshqa odamlarning iste'moli uchun juda ko'p mahsulot va xizmatlar ishlab chiqarganlari uchun hayratda qolamiz. Biz uzoq va mashaqqatli mehnat qilayotgan ishchining qat'iyati va mahoratiga qoyil qolishimiz mumkin bo'lsa-da, oxir-oqibatda bizning hayratimiz bunday qat'iyat va mahorat iste'mol maqsadlari uchun samarali mahsulot ishlab chiqaradigan natijaga olib kelishini tushunishimiz bilan bog'liq. Hech kim qipiq va qurtlardan pirog pishirish uchun uzoq, mashaqqatli mehnat qilgan ishchidan hayratga qolmaydi, chunki bunday ishchi odamlarning iste'mol imkoniyatlarni oshirish uchun hech narsa qo'shmaydi.

«Ishlab chiqarish odamlarning iste'mol imkoniyatini oshiradi» degan ma'noni anglatgani uchun, Adam Smit haq bo'lgan: iste'mol haqiqatan ham barcha ishlab chiqarishning yagona ma'nosi va maqsadidir.

Ushbu maqola  Donald J. Boudreaux va American Institute for Economic Research tomonidan taqdim etilgan bo'lib, undan Creative Commons Attribution 4.0 xalqaro lirsenziyaga muvofiq foydalangan. Original versiyasini ushbu linkda o'qishingiz mumkin.