Matnga o'tish
Bosh sahifa
Bosh sahifaEFI to'g'risidaLoyihalarKitobni o'qingKutubxonaHamkorlar

Nima uchun o'zinga-o'zing xo'jayin degan narsaning o'zi yo'q

Patrick Carroll
28/02/23

Hatto tadbirkorlar ham o'zlaridan yuqori bo'lgan kishiga bo'ysunishlari kerak.

Tadbirkorlik, ehtimol, kapitalizmning eng yaxshi xususiyatlaridan biri bolsa kerak. Agar ishni ko'zini bilsangiz, bir talay pul ishlashingiz mumkin va sizga nima qilish kerakligini aytadigan boshliq bo'lmagani uchun, sizda juda ko'p erkinlik ham bor. Siz biznes yuritishning yangi usullarini sinab ko'rishingiz, yangi mahsulot ixtiro qilisb, uni ishlab chiqarishingiz yoki shunchaki jamiyat uchun yaxshi ish o'rinlarini yaratib ishonchli xizmat ko'rsatishingiz mumkin.

Yuqoridagilardan tashqari, tadbirkorlikning hammani jalb qildigan tomoniga, ya'ni «o'zingga-o'sing xo'jayin» degan g'oyaga alohida e'tibor berish kerak.

Buning kontseptsiyasi juda oddiy. Tadbirkor sifatida siz boshliqqa hisobot berishning o'rniga, siz o'zingiz boshliqsiz. Hammada siz hech kimga bo'ysunmaysiz, degan tushuncha mavjud. Siz biznesingizning barcha jabhalarini o'zingiz to'liq nazorat qilasiz. Sizning xo'jayiningiz yo'q. Siz – xo'jayin.

Bunday yondashuvning mukammal emasligini oddiy misol bilan ko'rsatish mumkin. Aytaylik, kompaniyangiz loydan non yasab sotadi degan qarorga kelasiz. Siz bolaligingizda balki loydan narsa yashashni yaxshi ko'rgandirsiz va har doim sevimli mashg'ulotingizni biznesga aylantirishni orzu qilgandirsiz. Oldingi ish joyingizdagi xo'jayiningiz loy non yasashga ruxsat bermagan (u bunda potentsialni ko'rmagani aniq). Ammo endi siz o'zingizga-o'zingiz xo'jayinin bo'lganingiz uchun, o'z biznesingizni o'zingiz xohlagan tarzda yuritish uchun to'liq erkinlikka egasiz.

Rostdan ham shunaqami?

Aslida olib qaraganda, juda ham shunday emas. Albatta, siz loy non sotishga urinib ko'rishingiz mumkin, ammo iste'molchilar ularni sotib olishni istamasa nima qilasiz? Sizda ijara, xom-ashyo va ish haqi kabi xarajatlaringiz bo'lishi kerak. Daromad kelib turmasa, bu xarajatlar tezda ko'payadi va siz darhol boshqa ishlab chiqarish liniyasiga o'tishga yoki biznesni tark etishga majbur bo'lasiz.

O'zingga-o'zing xo'jayin bo'lish shumi?

Aslida boshqaradigan kim?

Loy non misoli muhim savolni tug'diradi: aniq boshqaruvchi kim? Bir qarashda barcha kuch-qudrat tadbirkorlarda bordek tuyuladi, chunki xo'jayin ular bo'ladi. Lekin, aslida, biz ko'rib turganimizdek, ular o'z mijozlariga to'liq qaramdirlar. Har bir yaxshi tadbirkor sizga bu ish mijozlarga xizmat qilshdan boshqa narsa emasligini aytishi mumkin. Ular (mijozlar) bu erda haqiqiy xo'jayindir.

Iqtisodchi olim Lyudvig fon Mizes o'zining «Inson faoliyati». risolasida bu g'oyani tushuntirib beradi.

«Bozor jamiyatida barcha iqtisodiy faoliyatni boshqarish tadbirkorlarning vazifasidir. Ular ishlab chiqarishni nazorat qiladi. Ular rulda turadi va kemani boshqaradi. Yuzadan qarab turgan kuzatuvchi ularning eng yuqori boshqaruvchi ekanligiga ishonadi. Ammo bu unday emas. Ular kapitanning buyrug'ini so'zsiz bajarishlari kerak. Kapitan esa iste'molchi hisoblanadi. Nima ishlab chiqarish kerakligini tadbirkorlar ham, fermerlar ham, kapitalistlar ham hal qilmaydi. Buni iste'molchilar hal qiladi. Agar tadbirkor bozor narxlari tuzilmasi orqali unga bildirilgan aholining buyruqlariga qat'iy rioya qilmasa, u zarar ko'radi, bankrot bo'ladi va shu bilan o'zining ruldagi yuqori lavozimidan chetlatiladi. Uning o'rnini iste’molchi talabini yaxshiroq qondiradigan boshqa odamlar egallaydi».

Tadbirkorlar juda ko'p kuchga ega bo'lishi mumkin, ammo ularning kuchi iste'molchilar talabini qondirish qobiliyatiga butunlay bog'liq. Agar tadbirkor o'zining haqiqiy xo'jayinining, ya'ni iste’molchining xohish-istaklarini qondira olmasa, u darhol ishdan bo'shatilib, o'rniga boshqasi tayinlanadi. Bu bankrot bo'lish deganidir.

Shunday qilib, tadbirkorlarga ko'pincha biznes «imperiyasi» ning «qirollari» sifatida qaralsa-da, haqiqat esa buning aksidir. «Ishlab chiqarishning moddiy omillarining egalari va tadbirkorlar aslida iste'molchilarning ishonchli vakillari hisoblanib – deb yozadi Mizes, ­­– ular har kuni saylovda takroriy ravishda bekor qilinish ehtimoli bilan tayinlanib kelishadi».

Tadbirkorlar aslida xizmatkorlar va iste'molchilar pirovardida boshqruvchi degan g'oya iste'molchi suvereniteti deb nomlanadi. To'g'ridan-to'g'ri aytganda, tadbirkor bo'lsangiz ham, boshqa birov uchun ishlaysiz. Albatta, ijodiy erkinlik uchun juda keng imkoniyatlar bor. Iste'molchilar boshliqlar kabi qattiqqo'l nazoratchi emas. Ammo tadbirkor sifatida ham erkinligingizning chegarasi bor.

Pulini to'lagan odam ohangni tanlaydi, degan gap bor.

Tadbirkorlik faqat siz to'g'ringizda emas

Bu yerda hozirgi va bo'lajak tadbirkorlar uchun muhim bo'lgan va ko'pincha e’tibordan chetda qoladigan saboq bor. Bu saboq shundan iboratki, muvaffaqiyatga erishmoqchi bo'lgan tadbirkorlar o'zlarining ko'ngillariga yoqadigan biznesni yuritishga emas, balki iste'molchilar ehtiyojlarini qondirishga e'tiborlarini qaratishlari kerak.

Ko'pchilik uchun bu uzoq vaqtdan beri aytilib kelingan paradigmaning o'zgarishi bo'lshi mumkin. Juda ko'plar ishlarini o'zlarining ehtiroslari yoki mahoratlari bilan bo'g'liq bo'lgan yo'nalishda boshlashadi va uni biznesga aylantirsh yo'llarini topishga harakat qilishadi. Biroq bu butunlay teskaricha ish qilishdir. Agar ular bir kun muvaffaqiyatga erishmoqchi bo'lsa, o'z jamiyatida qondirilmagan ehtiyojlarni izlashdan boshlab, ushbu ehtiyojlarni qondirish yo'llarini topishlari kerak.

«Ehtirosni pulga aylantirish» g'oyasi jozibali eshitiladi, ammo bu aslida tadbirkorlik emas. Tadbirkorlik e'tiborni boshqalarga qaratish demakdir. U siz sotshni istaydigan mahsulotdan emas, balki iste'molchi sotib olishni istaydigan mahsulotdan boshlanadi. U «o'zingga-o'zing xo'jayin» degan ma'no emas. U iste'molchini xo'jayinga aylantirib, ularga yaratgan qiymatga mutanosib daromad ko'rish demakdir.

«Bozor iqtisodiyoti sharoitida boylikka ega bo'lish va uni saqlab qolish uchun, – deb yozadi Mizes, – odamlar istagan barcha tovarlarni eng yaxshi va arzon usulda ta’minlashdan boshqa yo'l yo'q». Sizning ehtiroslaringiz va ko'nikmalaringiz iste'molchilar talabiga mos keladigan sohalarni topa olsangiz nur ustiga a'lo nur bo'ladi. Iloji bo'lganda doim shunaqa yo'l tuting. Lekin sizning birinchi va asosiy vazifangiz bu talabni qondirish ekanligini hech qachon unutmang. O'zining ehtirosi bo'lgan aynan bir loyihaga juda berilib ketgan tadbirkor iste'molchilarning xohish-istaklarini e'tiborsiz qoldira boshlaydigan nuqtaga yetib boradi va tez orada biznesi yo'qotadi.

Shunday qilib, keling, tadbirkorlik, ijodkorlik va o'ziga ishonchni nishonlaylik. Lekin shuni ham esdan chiqarmaylikki, tadbirkorning xo'jayini bor, u – mijozi, tadbirkorlik esa aslida boshqa odamlar nimani xohlashini tushunish va ularga ushbu narsalarni yetkazib berish yo'llarini topishdan iboratdir.

Ushbu maqola Patrick Carroll va The Foundation for Economic Education tomonidan taqdim etilgan bo'lib, undan Creative Commons Attribution 4.0 xalqaro litsenziyaga muvofiq foydalanilgan. Original versiyasini ushbu linkda o'qishingiz mumkin.